Uchqoʼrgʼonda yangi barpo etilgan zamonaviy kartodromda karting boʼyicha Oʼzbekiston chempionati boshlandi

Chop kilish

Namangan viloyatining Uchqoʼrgʼon tumanida Oʼzbekiston mudofaasiga koʼmaklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti tomonidan barpo etilgan Markaziy Osiyoda yagona kartodromning ochilishi chinakam sport bayramiga - karting boʼyicha Oʼzbekiston chempionatining startiga ulanib ketdi.
Tadbir ochilishida Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Аbdurazzoqov soʼzga chiqib, karting yosh sport turi boʼlishiga qaramay respublikamizda, xususan Namangan viloyatida ham tobora ommalashib borayotganini taʼkidlab, yangi sport majmuasi yosh oʼgʼil-qizlarning sevimli maskaniga aylanishiga tilak bildirdi.

 

Картинг бўйича мамлакат чемпионатида Қорақалпоғистон Республикаси, вилоятлар ва Тошкент шаҳридан келган 150га яқин спортчи ғолиблик учун баҳсларга киришди. Пойгаларда энг ёш иштирокчи - Оятулло Қодиров эндигина 8 ёшга тўлганлиги диққатга сазовор.

Karting boʼyicha mamlakat chempionatida Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan 150ga yaqin sportchi gʼoliblik uchun bahslarga kirishdi. Poygalarda eng yosh ishtirokchi - Oyatullo Qodirov endigina 8 yoshga toʼlganligi diqqatga sazovor.

Eʼtiborlisi shundaki, chempionat oldidan viloyat rahbari va koʼp karra Oʼzbekiston chempioni, xalqaro turnirlar gʼolibi, Toshkent Gran-pri musobaqasi sovrindori, uychilik 12 yoshli Yasmina Egamberdieva karting poygasini boshlab berdilar. Poygadan soʼng, Shavkat Аbdurazzoqov sportga dadil qadamlar bilan kirib kelgan qizlarning mahoratiga qoyil qolganligini, kelgusida Namanganda Yasmina kabi umidli sportchi-qizlar safini koʼpaytirish uchun barcha chora-tadbirlar amalga oshirilishini aytdi.

Eʼtirof etish joiz, “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi tomonidan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ertamiz egalarini sportga qiziqtirish, ularning salohiyati va intilishlarini yuzaga chiqarishda alohida tashabbus koʼrsatib kelayotgani diqqatga sazovordir. Jahon standartlariga toʼla mos keluvchi uch konfiguratsiyali kartodrom buning yorqin misolidir.

Bunday xayrli ishlarda Prezidentimizning 2020 yil 24 yanvardagi “Oʼzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommmalashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi farmoni dasturilamal boʼlib xizmat qilmoqda.

“Vatanparvar” tashkilotining texnik va amaliy sport turlari tarkibiga kiruvchi avtoralli va motokross sport musobaqalarini tizimli oʼtkazish orqali sport turizmi rivojlantiriladi. Uchqoʼrgʼon tumanidagi oʼquv sport texnika klubi tasarrufidagi 1,70 gektar yer maydonida boshlangan qurilish ishlari natijasida tez orada kartodromda hakamlar va tibbiyot xodimlari xonalari, oʼgʼil va qiz bolalar kiyinish va yuvinish xonalari, kartinglarni taʼmirlash ustaxonalari barpo etildi. Mavjud 870 metrdan iborat kartodrom hududidan qoʼshimcha 0.50 gektar yer maydoni sotib olinib, xalqaro talablarga javob beradigan umumiy uzunligi 1050 metr boʼlgan uch yoʼnalishli (1-yoʼnalish 831 metr), (2-yoʼnalish 825 metr), (3- yoʼnalish 855 metr) yangi zamonaviy kartodrom qayta bunyod qilindi.

Markaziy Osiyoda yagona boʼlgan ushbu xalqaro kartadromda sportchilar uchun barcha shart-sharoitlar hozirlandi. Xususan, bu yerda nafaqat respublika darajasidagi musobaqalar, balki xalqaro miqyosdagi turnirlarni yuqori saviyada tashkillashtirish imkoniyati yaratildi.

 

 
© 2014, Namangan viloyat Uchqo'rg'on tuman hokimligining rasmiy axborot portali. Sayt materiallaridan foydalanilganda www.uchkurgan.uz manbasi ko'rsatilishi shart.
Sayt Namangan viloyati hokimligining Kompyuterlashtirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan.