Ona tilim – sen mening iftixorimsan!

Chop kilish

Til- qalbimiz tarjimoni. U dilimizdagi eng nozik tuyg`ularni ham ifoda eta oluvchi kuchdir. Ma’naviyatimiz ko`zgusi, xalqimizning bebaho boyligi sanaladi. Barchamizga ma’lumki, insoniyat kamolotga intilib yashaydi. Insonni komillikka olib boruvchi yo`l-ilm, ilm esa til orqali zabt etiluvchi cho`qqi ekanligini yaxshi bilamiz. Shu tufayli ham olim-u ulamolar Al-Farobiy, Ibn Sino, Az- Zamaxshariylar tililmizdan yaxshi xabardor bo`lganlar. Bashariyat uchun ona Vatan bitta bo`lgani kabi til ham yagonadir.

Shu bois ham “Ona-tili” deb ulug`laymiz. Ona tili ilk bor ong-u shuurimizga onamiz allasi, otamiz o`gitlari, mehribonlarimiz so`zlari bilan singigan. Uzoq va mashaqqatli yo`lni bosib o`tgan tilimiz aslini asrab qololgan tildir. Mahmud Qoshg`ariyni maftun etgan, Yusuf Xos Hojib qalamini tebratgan, Yassaviyni kuylatgan, Navoiyga butun dunyo eshigini ochib bergan mo`jizadir. Boburmirzo dardiga darddosh bo`lgan, Fitrat, Cho`lpon, Abdulla Qodiriy-u Usmon Nosirlardan bizga qolgan qimmatli merosdir. Biz ana shu merosni sof va asl holida avlodlarga yetkazib bera olmog`imiz darkor.

          1989-yil 21-oktabrda “O`zbek tiliga Davlat tili maqomi”ning berilishi asriy orzularimizning ro`yobi bo`ldi. O`zbekiston atalmish diyor va o`zbek tili borligini jahongan amoyon etdi. Davlat hujjatlari o`z tilimizda yuritiladigan bo`ldi. Bu ma’naviy boyliklarimiz o`zimizga qaytayotganining ilk qadamlari edi. Yurtimiz mustaqillikka erishgach esa, bu yo`lda yanada ko`p huquq va erkinliklarga ega bo`ldik. Ammo, shu o`rinda haqli bir savol tug`iladi. Bu imkoniyatlardan to`g`ri va to`liq foydalanyapmizmi? Biz o`zbek degan nomni yelkalab yurgan o`zbekistonliklar o`z tilimizni buzmay so`zlay olamizmi? Ona tilimiz sofligi uchun chin vatanparvar farzand sifatida kurashyapmizmi?

To`g`ri zamon rivojlanmoqda, texnika asrida yashayapmiz. Dunyo bilan hamnafas bo`lish uchun chet tillarini o'rganmog'imiz lozim, lekin avvalo, o`z tilimizni mukammal bilishimiz, savodli yoza olishimiz kerakligi oldimizda turgan birinchi galdagi, eng muhim vazifa ekanligini unutib qo`ymayapmizmi? Bugungi kunda hamma ish hujjatlarimiz kompyuter yordamida yozilmoqda. Afsuski, kompyuterda yozayotgan “zamonaviy xodim” tilshunoslikning orfografiya bo`limidan bexabar. Har bir satrida bir necha xatolar qalashib yotadi.

1993-yil 2-sentabrda “Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy etish to`g`risida”gi qonun qabul qilingan bo`lsa-da, mana 27 yidirki krill alifbosi hamon amalda. Mana shunday og`riqli masalalarimiz borligi uchun ham Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev “Mamlakatimizda o`zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomollashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonni imzoladilar. Bu, albatta, shu soha vakili sifatida meni ham behad quvontirdi.

Tilimiz boy. Har bir tushunchaga bir necha ma’nodosh topishimiz mumkin. Masalan, chiroyli sifatining ma’nodoshlari: go`zal, maftunkor, latofatli, lobar, zebo, nafosatli, dilbar…. Bu qatorni uzoq davom ettira olamiz. Shunday ekan nima uchun so`zlaganda nutqimizda boshqa tildagi so`zlarni qo`shib gapirishimiz kerak? Axir bu tilimizga bo'lgan hurmatsizlik-ku! Menga o`zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriyning quyidagi fikrlari juda yoqadi:  “O`zbek tili kambag`alemas, balki o`zbek tilini kambag`al deguvchilarning o`zi kambag`al. Ular o`z nodonliklarini o`zbek tiliga to`nkamasinlar” . Darhaqiqat bobolarimizdan bizga qolgan bu o`lmas xazinadan to`g`ri foydalana olmaslik NODONlikdir. O`zimizni NODON bo`lishdan asraylik!

Onatilim, sen, g`ururim, nomusimsan! Onatilim, senbaxtim, iftixorimsan! Sen bilan tilim biyron, so`zim latofatli. Sen borsanki, men ham hayotman. Millatimning yuzi, xalqimning so`zidirsan. Qadring baland bo`lsin, jon Onatilim!

Uchqo’rg’on tumani 39-sonli umumiy

o’rta maktabning ona tili va adabiyot fani

o’qituvchisi Abdullayeva Sevara

 
© 2014, Namangan viloyat Uchqo'rg'on tuman hokimligining rasmiy axborot portali. Sayt materiallaridan foydalanilganda www.uchkurgan.uz manbasi ko'rsatilishi shart.
Sayt Namangan viloyati hokimligining Kompyuterlashtirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan.