Oʼzbekistonda aholini roʼyxatga olish ishlari 2026 yilga borib yakunlanishi mumkin

Chop kilish

Аholini roʼyxatga olishning respublika va hududlar darajasida yakuniy natijalarini olish 2025 yil 1 dekabrga koʼchirilishi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Davlat statistika qoʼmitasi tomonidan Oʼzbekiston prezidenti farmoni loyihasi ommaviy muhokama uchun joylashtirildi.

Joriy yil 31 dekabrgacha muhokamasi davom etadigan hujjat loyihasida Oʼzbekiston Respublikasi prezidentining ayrim hujjatlari, xususan PF-5655-son farmoni hamda PQ-4796-songa oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish taklif etilgan.

Unga koʼra, Oʼzbekiston Respublikasida oʼtkazilishi 2022 yilda nazarda tutilgan aholini roʼyxatga olish ishlari 2023 yilga koʼchirilishi mumkin.

Pandemiya sababli koʼpgina davlatlar aholini roʼyxatga olishni oʼtkazish muddatlarini keyingi yillarga koʼchirish choralarini koʼrishmoqda.


«Respublika aholisi va uning farovonligi toʼgʼrisidagi ishonchli maʼlumotlar aholini roʼyxatga olish orqali shakllantirilib, uzoq muddatli prognozlar va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadli dasturlarini, yangi ish oʼrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturlarini ishlab chiqish, barqaror rivojlanish Milliy maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanish jarayonlarini oʼrganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun muhim poydevor hisoblanadi. 2023 yilda aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish, uni oʼtkazish, birlamchi maʼlumotlarini tahlil qilish va yakuniy natijalarini eʼlon qilishga doir belgilangan vazifalarni toʼliq, sifatli hamda oʼz vaqtida bajarish imkonini beradi», — deyiladi taklif etilgan oʼzgartish va qoʼshimchalar haqida berilgan tushuntirishda.

Taʼkidlanishicha, aholini roʼyxatga olishning respublika va hududlar darajasida yakuniy natijalarini olish muddati 2025 yil 1 dekabrь etib belgilanishi taklif etilgan. Shuningdek, aholini roʼyxatga olish natijalarini rasmiy chop etish, tarqatish, axborot bilan taʼminlash va eʼlon qilish, aholini roʼyxatga olishning dastlabki va yakuniy maʼlumotlarini arxivda saqlashga tayyorlash muddati ham 2025 yil yakuniga belgilanmoqda.

Maʼlumot uchun, aholini roʼyxatga olish natijasida respublika va hududlar boʼyicha aholi soni aniq hisoblab chiqiladi. Shuningdek, aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, maʼlumoti, turmush darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari boʼyicha yagona axborot bazasi yaratiladi; demografik siyosatni, aholi sogʼligini mustahkamlash, ayollar va bolalar ahvolini yaxshilash va oilalarga yordam koʼrsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun axborotlar bazasi kengaytiriladi; aholi punktlari va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, mehnat resurslaridan foydalanish va ularni joylashtirish boʼyicha kelgusi 10-30 yillik rivojlanishning prognoz koʼrsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratiladi.

Uchqo'rg'on tuman statistika bo'limi

 
© 2014, Namangan viloyat Uchqo'rg'on tuman hokimligining rasmiy axborot portali. Sayt materiallaridan foydalanilganda www.uchkurgan.uz manbasi ko'rsatilishi shart.
Sayt Namangan viloyati hokimligining Kompyuterlashtirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan.