BOSHLANAYOTGAN YANGI YILINGIZ MUBORAK BOʼLSIN!

Chop kilish

Aziz Uchqoʼrgʼonliklar!

Yangi, 2021 yil ostonada turibdi. Bunday kezlarda har qanday odam ortga qarab, yakunlanayotgan yilni sarhisob qiladi. Shu maʼnoda tarixga kuzatayotgan yilimiz dunyo miqyosida ogʼir keldi. Tojdor virus balosidan ne-ne iqtisodiy, maʼnaviy, ruhiy yoʼqotishlar kuzatilmadi, deysiz. Shukrki, Yurtboshimiz rahnamoligida Oʼzbekistonimiz xalqi bu sinovlardan bir-biriga mehr-saxovat koʼrsatib, qoʼllab-quvvatlagan holda mardona oʼtib bormoqdagina emas, balki pandemiya sharoitida yashash, mehnat qilish koʼnikmasini kashf eta bildi. Shuning uchun ham mamlakatimizda iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyot bir maromda davom etdi. Jumladan, tumanimizda ham.

 

Yaqindagina xalq deputatlari tuman Kengashining sessiyasida Uchqoʼrgʼon xalqiga Murojaat bilan chiqishim jarayonida barcha jabhalarda 2020 yilda erishilgan natijalarni tahlil etish chogʼida bu yaqqol namoyon boʼldi. Qoʼlga kiritilgan natijalar, istiqboldagi rejalar, albatta, tuman xalqining vaziyatni toʼgʼri baholagan holda qilgan fidokorona mehnati samarasidir. Yangi yil uchun belgilagan rejalarning bekamu koʼst ado etilishi, tumanni yanada rivojlanishi yoʼlida olib borilayotgan saʼy-harakatlarda ham fidoyilik va vatanparvarlik namunalarini koʼrsata olishingizga ishonaman.

Qadrdonlarim! 
Sizlarni yangi orzu-niyatlarga qanot baxsh etib kirib kelayotgan 2021 yil bilan samimiy tabriklayman. Koronavirus balosi xavf-xatarlari ortda qolsin. Boshlanayotgan yilimiz xonadonlarimizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka olib kelsin. Tumanning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti yoʼlida qilayotgan ezgu ishlarimizga Yaratganning oʼzi madad bersin! Oʼgʼil-qizlarimiz baxtu kamoli yoʼlidagi intilishlarimiz bardavom boʼlaversin. Barcha-barchangizga eng katta boylik--mustahkam salomatlik tilayman. Boshlanayotgan Yangi yilimiz hammamiz uchun xayrli, sharofatli kelsin!

AZIMJON VAXOBOV,

xalq deputatlari tuman Kengashi raisi, tuman hokimi.

 
© 2014, Namangan viloyat Uchqo'rg'on tuman hokimligining rasmiy axborot portali. Sayt materiallaridan foydalanilganda www.uchkurgan.uz manbasi ko'rsatilishi shart.
Sayt Namangan viloyati hokimligining Kompyuterlashtirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan.