YuRGAN YO‘LINGIZDAN GULLAR OChILGAY… Tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jamilaxon Mahmudovaga maktub

Chop kilish

Assalomu alaykum Jamilaxon opa! Sizni tavallud ayyomingiz – 60- bahoringiz bilan muborakbod etaman. Sizga eng ezgu tilaklarimni izhor qilaman. Siz qayerda va qanday davrada bo‘lmasin, eng avvalo shirinsuxanligiz bilan ajralib turasiz. Aslida hayot atalmish ne’mat har bir insonga bir marotaba beriladi. Undan oqilona foydalana olgan kishilar nazarimizda el hurmatiga erishishi muqarrar. Bir oddiy ayol havas qilgudek baxt egasisiz. Bu bekamlikka halollikni, mehnatsevarlikni, odamiylikni shior qilish orqali erishdingiz.
Bolaligingiz Chust shahrida o‘tdi. Otangiz savdo bilan shug‘ullanar, onangiz uy bekasi edilar. Oilada bir nafar farzand bo‘lganingiz uchun ota-onangiz sizni yeru-ko‘kka ishonishmasdi. Ammo tarbiyada juda muloyim, mehrli edilar. Maktabda o‘qib yurgan chog‘laringizda ustozlaringiz saboqlarini tinglab, o‘qituvchilik kasbini tanladingiz. Ota-onangiz istagingizga qanot bo‘lishdi.


Oliygohning faol talabasi ekanligingizda ham taqdiringiz Uchqo‘rg‘on bilan bog‘liqligini bilmasdingiz. Ro‘ziboyevlar xonadoniga kelin bo‘lib tushdingiz-u, shu maskan bilan bir umr bog‘lanib qoldiningiz. Turmush o‘rtog‘ingiz Ilhomjon aka Ro‘ziboyev bilan ikki nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazdingiz.
Siz jamoat ishlarida faol qatnashib, o‘n besh yildan ortiq tuman hokimligida turli vazifalarda mehnat qildingiz. Tashkiliy bo‘limda oddiy mutaxassislikdan, tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosar vazifasida ishladingiz. O‘n yil davomida xotin-qizlar muammolari, dardu-tashvishlarini o‘rganib, ularga munosib yechim topishga intildingiz. Hozir ham ana shundan eggulikka yo‘g‘rilgan yumushlarni bajarib kam bo‘lmayapsiz.
Notinch oilalarni yarashtirish masalasi juda muhim. Turmush o‘rtog‘ining xiyonati bois oilasi darz ketayotganini bir ayol aytib keladi. Yig‘i-sig‘idan foyda yo‘q. Erini chaqirish «Olovga moy sepganday» gap. Shunda siz: «Erkak kishini oilaga qaytarishni yagona yo‘li shirin so‘z va ko‘ngilga yo‘l topish, yaxshi kiyinib, saramjon-sarishta bo‘lish. Keyin erining bu qilig‘idan fojea qidirib emas, sog‘ va salomat ekanligiga, farzandlarini borligiga shukr keltirib yashash!» degan so‘zlarni aytasiz. Bu ayol shu bilan chindan ham o‘zgaradi. O‘ziga qaray biladi. Shirin so‘z bilan oilasining tinchligini tiklaydi. Bu kabi voqealar sizning faoliyatida juda ko‘p uchragan. Qanchadan-qancha oilalar yarashtirgansiz.
Hozirda siz tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek notinch va muammoli oilalarni manzilli shakllantirish borasida qator ishlarni amalga oshiryapsiz. Siz bu ishlarni bajarishda Gulbahor Inamjanova, Nasiba Mizayeva, Komila Gasanova kabi qo‘l ostingizdagi xodimlaringizga suyanib adashmadingiz.
Jamilaxon opa! Siz avvalo ayolsiz. O‘zingizga qarab, vaqtida soch tarab, o‘sma qo‘yishga ulgurasiz. Uyda bekalik, vafodor yorlik, onalik, buvilik vazifalaringiz ham borki, ularni bajarish sizga rohat bag‘ishlaydi. Ayniqsa nabiralaringiz bilan yayrab ketasiz.
Sizga maktub yo‘llar ekanman, dil so‘zlarimni misralarga tizdim.
Siz borki, xonadon ziyoga to‘lgay,
Siz borki, qalblardan qayg‘u yo‘qolgay,
Siz yurgan yo‘llardan gullar ochilgay,
Dunyoni tebratgan muqallas ayol!
Bahor sizga o‘z quchoqlarida mehr gullarini ulashaversin. Ushbu noma orqali tanigan bilgan minglab, millionlab uchqo‘rg‘onlik qadrdonlaningiz nomidan sizni 60 yoshingiz bilan qutlab:

Jahongir TO‘XTASINOV,
"Yorqin hayot" gazetasi muxbiri.

 
© 2014, Namangan viloyat Uchqo'rg'on tuman hokimligining rasmiy axborot portali. Sayt materiallaridan foydalanilganda www.uchkurgan.uz manbasi ko'rsatilishi shart.
Sayt Namangan viloyati hokimligining Kompyuterlashtirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan.