Yaqin kunlarda respublikamizda, jumladan, viloyatimizda aholini ro‘yxatga olish amaliyoti boshlanadi. Xo‘shbu amaliyot nima uchun kerak?

Aholini ro‘yxatga olish natijasida respublika va hududlarni ijtimoiyiqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyati kengayadi.Shuningdek, milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborotlar manbai yaratiladi.

Aholini ro‘yxatga olish jarayoni uch bosqichni qamrab oladi.

Birinchisi – tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, uch yil davom etadi.

Bu jarayonda eng muhimi, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda aholini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq hujjatlar, jumladan, ro‘yxatga olish varaqalari, ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish, uning natijalarini e’lon qilish metodologiyasini ishlab chiqish kabi tadbirlar amalga oshiriladi.

Ikkinchisi – asosiy bosqich. Bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Mazkur jarayon taxminan ikki oy davom etadi.

Aholini ro‘yxatga olish tadbiri an’anaviy usulda, ya’ni ro‘yxatga oluvchi shaxslar tomonidan hududlarda uymay yurgan holda, yuzmayuz suhbat asosida, qog‘oz shaklidagi ro‘yxatga olishvaraqalarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.So‘nggi bosqichda esa olingan ma’lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil etilib, natijalar rasman e’lon qilinadi. Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik ma’lumotlar yagona elektron axborot tizimiga kiritiladi. Shu o‘rinda ro‘yxatga oluvchilarni tanlash masalasi ham nihoyatda muhim. Chunki ma’lumotlarning to‘g‘riligiga ular bevosita mas’ul. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar turli yoshda va har xil kasb egalari bo‘lishi mumkin. Birinchi navbatda, Statistika agentligi va uning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, shu yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar jalb etilishi maqsadga muvofiq.

Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga hamda ma’lumotlarni qayta ishlashga jalb etilgan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash maxsus ishlab chiqilgan va tasdiqlangan normativlar asosida amalga oshiriladi. Jarayonni davlat budjeti mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.

Amaldagi me’yoriy hujjatlarga binoan, yakuniy ma’lumotlar uch tilda (o‘zbek, rus va ingliz tillarida) e’lon qilinishi belgilangan. Yakunda aholini ro‘yxatga olishning dastlabki va yakuniy ma’lumotlari arxivda saqlash uchun tayyorlanadi.