Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2024 yil 8 noyabrdagi 362-sonli buyrug‘iga asosan, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifati hamda tarbiyachi-pedagoglarning malakasini oshirish maqsadida «Metodik mahorat kuni» va «Metodik mahorat soati» tadbirlari joriy qilinmoqda.
Shu doirada, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 24 va 42-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari tayanch tashkilotlar sifatida belgilandi. Ularning direktor o‘rinbosarlari 2024 yil 18–20 dekabr kunlari A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida o‘z malakalarini oshirishdi. Bundan tashqari, tuman bo‘yicha 46 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarining direktor o‘rinbosarlari ushbu tayanch tashkilotlarga biriktirildi.
2025 yilning yanvar oyida tumandagi 48 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining direktor o‘rinbosarlari 24 va 42-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlariga jalb etildi. Ular “Metodik mahorat kuni” doirasida mashg‘ulotlarda qatnashib, o‘z malaka va mahoratlarini oshirishdi. Mashg‘ulotlar Bokiyeva Odina va Mamajonova Zuhraxon singari tajribali trenerlar tomonidan olib borildi.
“Metodik mahorat kuni” va “Metodik mahorat soati” tadbirlari rejasi:– Tadbirlar har oyning 1 va 3-seshanba kunlari tashkil etiladi.– Tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.– Direktor o‘rinbosarlari o‘z muassasalarida “Metodik mahorat soati” tadbirlarini tashkil etib, olgan bilimlarini tarbiyachilarga yetkazadilar.
Bu tashabbus tarbiyachi-pedagoglarning professional mahoratini oshirish hamda ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.





