Uchqo‘rg‘on tumanida yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida yangi Peyntbol poligoni foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida tuman hokimi va sektor rahbarlari ishtirok etib, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga qiziqtirish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish yo‘lida bunday loyihalarning ahamiyati haqida so‘z yuritdilar.
Poligon yoshlar va aholining barcha qatlamlari uchun zamonaviy sport infratuzilmasi yaratishda muhim qadam bo‘ldi. Tadbirda ishtirok etgan yoshlar peyntbol o‘yinining ko‘rgazmali bahslarida faol ishtirok etib, o‘yinlardan yorqin taassurotlarga ega bo‘lishdi.
Ushbu sport maydoni yoshlar o‘rtasida jamoaviylik va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga, ularning faolligi va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga xizmat qiladi.





