Maysa parvarishidagi eng muhim tadbirlardan biri, bu g‘allani 1-oziqlantirishni sifatli o‘tkazishdir. Hududlarni joylashishiga ko‘ra oziqlantirishning taxminiy muddati fevral oyining uchinchi o‘n kunligiga to‘g‘ri keladi. Bunda azotli o‘g‘itlar yillik me’yorning 25 foizini berish zarur (fizik holda bir gektariga 150-160 kg dan). Azotli oziqlantirishni eng avvalo kech ekilib, qishlovdan qiyinchilik bilan chiqqan, keyin esa urug‘lik uchun yetishtirilayotgan va nihoyat qolgan maydonlarda o‘tkazilishi maqsadga muvofiqdir. Qishlovga tuplamasdan kirgan hamda qishlovdan qiyin chiqqan maydonlardagi maysani qo‘shimcha tartibda gektariga 100 kg dan azotli oziqlantirish yaxshi samara beradi. Shunda ko‘chat qalinligi barqarorlashadi.

Tuplanish jarayoni jadallashadi, 1 metr kvadratda 550-600 tagacha mahsuldor poya hosil bo‘ladi. Oziqlantirishni o‘z muddatida o‘tkazish hisobiga har gektar yerdan 4-6 syentnergacha qo‘shimcha hosil olishga erishiladi. Bu tadbirdan so‘ng xar bir mintaqaning tuproq va iqlim sharoitini hisobga olgan xolda g‘allazorlar 700-800 kub metr me’yorida sug‘oriladi. Sug‘orish jarayonida qo‘shimcha oziqlantirish maqsadida jamg‘arilgan mahalliy o‘g‘itning 60-70 foizi sharbat usulida oqizilishi yaxshi samara beradi. Bu davrdagi oziqlantirishda navlarning biologik xususiyatlariga asosan ertapisharligiga (Chillaki, Kuma, Andijon-4, Bobur), o‘rtapisharligiga (Kroshka, Nota, 8 Vostorg, Tanya, Kupava, Krasnodar-99) va o‘rta kechpisharligiga (Plovchanka, Umanka, Knyajna) alohida e’tibor berish kerak. Chunki ertapishar navlar boshqa navlarga nisbatan 7-10 kun erta naychalash fazasiga kiradi. Bu esa ertapishar navlarni boshqa navlarga nisbatan 10 kun ertaroq oziqlantirishni talab etadi.

Oyning oxirida agronomlarning xulosalariga ko‘ra, kasallik, zararkunanda hashoratlar va begona o‘tlardan kuchli zararlangan maydonlar aniqlanishiga alohida e’tibor berish kerak.

Namangan viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi UKCHM inspektori Mirzoxid Arapov