Gilos bog‘laridan yuqori va sifatli hosil olishda uning asosiy zararkunanda va kasalliklaridan o‘z vaqtida samarali himoya qilish muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda gilosning eng asosiy va xavfli zararkunandasi bu gilos pashshasi, unga qarshi kurash choralari o‘z vaqtida amalga oshirilmasa, hosilning miqdori vasifati 80-100 foizgacha yuqotilishi mumkin. Gilos pashshasi Yevropa, Shimoliy Kavkaz, Gruziya, Moldova, Qozog‘iston, O‘rta Osiyo davlatlarida tarqalgan. Hasharot mayda ko‘rinshda 5,5 mm, tanasi yorqin qora rangda, boshi va oyoqlari sariq, qanoti oq-qora, ko‘zlari och yashil rangda. Lichinkalari 7 mmgacha, oq rangda bo‘lib, mevani zararlaydi. Gilos pashshasi bir yilda bir marta avlod beradi, har bir pashsha 150 taga yaqin gilos yoki olchaga bittadan tuxum qo‘yib zarar keltiradi. Erta bahorda havo harorati +12⁰ +15⁰S bo‘lganda ya’ni mart oyining ikkinchi yarmida qishlab qolgan g‘umbaklardan pashshalar ucha boshlaydi va 12-14 kun o‘simlik shiralari ajratgan ekskrimentlar bilan oziqlanib, havo harorati o‘rtacha +18⁰ +22⁰S bo‘lganda gilos va olchaning yosh mevalariga tuxum qo‘ya boshlaydi. Tuxum qo‘yib bo‘lgan pashshalar bir necha kundan so‘ng nobud bo‘ladi. Tuxumidan 7-10 kundan so‘ng oq rangdagi lichinkalar chiqa boshlaydi va 16-20 kun oziqlanadi.Gilos pashshasi - zararlangan bog‘, yon atrofidagi begona o‘tlar, daraxtlarning yoriqlariga kirib g‘umbakka aylanadi va uyquga ketadi. Gilos bog‘larida ushbu zararkunanda o‘tgan mavsumda tarqalganligi aniqlangan bo‘lsa, demak, kelgusi mavsumda ham qulay sharoit bo‘lganda zararkunandaning zarari bo‘lishi mumkin.Gilos pashshasiga qarshi quyidagi tadbirlar qo‘llaniladi: bog‘larni mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, sug‘orish, qator oralariga ishlov berish hamda bog‘ning ichkarisi va atroflaridagi begona o‘tlarni yo‘q qilish zarur.Gilos pashshasini oldindan aniqlash, monitoring qilish maqsadida daraxtlarga gektariga 1 donadan feromon tutqichlar qo‘yish vaularni doimiy kuzatib borish muhim hisoblanadi.Ushbu zararkunanda aniqlanganda unga qarshi oltinko‘z entomofagini bog‘larga tarqatish hamda ta’sir etuvchi modda siabamektin, imidokloprid va lyambda-sigalotrin bo‘lgan insektosidlarni qo‘llash yuqori samara beradi. Mirzoxid ArapovNamangan viloyati O‘simliklar karantini va ximoyasi boshkarmasi UKCHM inspektori