Uchqo‘rg‘on tumanining hozirgi xududi Namangan viloyati Fargona vodiysining qadimiy aholi joylashgan mintaqalaridan biridir. Aholining o‘troq hayot kechirishi va dastlabki sug‘orma dehqonchilik to‘g‘risidagi ma’lumotlar miloddan avvalgi 6-4 asrlarga borib taqaladi. Bu vaqtlarda vodiy siyosiy-ma’muriy jihatdan shahar davlatlaridan iborat bo‘lgan (Dovan). Milodning 1 asrida Buyuk Kushon davlati, 5-6 asrda eftolitlar, 6-7 asrda Turk xoqonligi, 8-9 asrda arablar, 9-10 asrda Somoniylar, keyinroq, Qoraxoniylar hukmronlik qildilar. 17 asr boshlarida vodiyda Qo‘qon xonligi vijudga keldi. Mazkur davlatlarni yakka hukmdorlar – jabha , amir, xonlar boshqarganlar. Joylarda esa ular tomonidan tayinlanadigan e’tiborli kishilar, harbiylar (bek, mingboshi, yuzboshi vahokazo) boshchilik qilishgan. Xonlik davrida xondan keyin parvonachi, qo‘shbegi – oliy darajadagi, hokim, bek va boshqalar quyi darajadagi boshqaruv bosqichlariga bo‘lingan. 1876 yilda markazlashgan davlat – Qo‘qon Rusiya tomonidan uzil-kesil tor-mor etilgach, bu yerlarda umumrusiya ma’muriy-boshqaruv tizimi joriy qilindi. Farg‘ona viloyati, uning tarkibida Andijon, Marg‘ilon, O‘sh, Qo‘qon, Namanagan uyezdlari tashkil etildi. Ularga xarbiylar boshchilik qiladigan bo‘ldi. Uyezdlar volostlarga, volostlar o‘z navbatida qishloq jamoalariga bo‘lindi. Namangan uyezdi 29 volost (151 qishloq jamoasi)ga bo‘lindi. 1918-24 yilda butun vodiy shu jumladan Uchqo‘rg‘on ham Turkiston ASSR tarkibiga kirdi. 1924 yilda Turkistonda milliy chegaralanish o‘tkazilishi natijasida qadimiy Turkiston parchalab yuborildi. O‘zbekiston sovet sotsialistik respublikasi tashkil topdi.1935 yil 28 iyulda Uchqo‘rg‘on tumani tashkil etildi. 1940 yilgacha Farg‘ona viloyati, 1941 yil 6 martdan Namangan viloyati tarkibiga, 1960 yildan 1967 yilgacha Andijon viloyati, 1968 yildan esa yana Namangan viloyati tarkibidagi tuman hisoblanadi. 1962-73 yilda u Norin tumani bilan qo‘shib idora etildi. 1947 yilgacha 2 ta qishloq soveti, 63 qishloq, 1987 yilda 6 ta qishloq soveti va 48 qishloq bo‘lgan. Hozir tuman 64 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga bo‘lingan holda idora etiladi. O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilingach, mamlakatda boshqaruvning qadimiy, an’anaviy shakli tiklandi. Viloyat, shahar va tuman hokimlari tayinlanadigan va deputatlar Kengashlari sessiyalarida tasdiqlanadigan bo‘ldi. Uchqo‘rg‘on tuman hokimi tomonidan boshqariladi.

Tuman asosan tekisliklardan iborat bulib, dengiz sathidan o‘rtacha mutlaq balandligi 500 metrni, tuproqlari asosan bo‘z tuproqni tashkil etadi. Tuman hududidan foydali qazilmalar deyarli yo‘q. Qurilish materiallaridan shag‘al va qum xom-ashyosi bor. Tumanning shimoliy g‘arbidan oqib o‘tuvchi Norin daryosining o‘rtacha chuqurligi 15 metr, kengligi 500 metrni tashkil qiladi. Norin daryosidan tashqari katta Farg‘ona kanali, Oktyabr kanali, Katta Andijon kanali, Xaqulobod kanali, Damariq, Ingichka, Chap qirg‘oq, Birlashgan kanallaridan ekinlarini sug‘orishda foydalaniladi. Tuman Farg‘ona vodiysidagi mo‘tadil kontinental havo muassasaning janubiy qismiga yoki quruq subtoropik havo muassasaning janubiy qismi chegaralariga joylashgan. Uchqo‘rg‘on tumani viloyatning sharqiy qismida joylashgan. Shimol va sharqdan Qirgiziston Respublikasi, viloyatining Norin tumani, g‘arbdan Uychi tumani, janubiy sharqdan Andijon viloyatining Izboskan tumani bilan chegaradosh. Uchqo‘rg‘on tumani viloyatdagi iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan tumanlardan biridir. Viloyatda qishloq xo‘jalik mahsulotlaridan paxta, don, go‘sht, sut, tuxum, meva, uzum, pilla hamda sanoat mahsulotlari  ishlab chiqarish bilan oldingi o‘rinlarda turishi diqqatga sazovordir. Tumanda dostonchilik maktabiga  asos solgan Xusan baxshi Rajabboy o‘g‘li, Mamayusuf  qiziq yashab ijod qilgan, O‘zbekiston xalq artisti Tursunoy Mamedova, xalq ta’limini rivojlantirishga o‘zining katta hissasini qo‘shgan  Ibrohim Oxunovni,  Mehnat Qahramonlari Xoshimxon eshonov, Komiljon Mirzarahimovlar bilan birgalikda Qo‘chqor Asranboyev, Yusufjon Siddiqov, Dehqonboy Rahimov, Foziljon Tursunov, Ahmadali Bo‘riboyev, Meliboy  Nazarov kabi  qishloq xo‘jaligini yuksaltirishda fidoyilik na’munalarini ko‘rsatganlarni,  shuningdek tibbiyot fanlari doktori, professor Foziljon Nishonov, to‘qimachilik sanoati muhandisi, texnika fanlari doktori, professor, Xalqaro To‘qimachilik akademiyasi akademigi Xalimaxon Alimovalarni yetishtirgan go‘sha hisoblanadi.